O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 iyun kuni Jinoyat kodeksiga o‘zini o‘zi o‘ldirish suiqasd qilish darajasiga yetkazganlik uchun jazoni kuchaytirish hamda o‘zini o‘zi o‘ldirishga undaganlik uchun choralar joriy etish ko‘zda tutilgan o‘zgartishlarni imzoladi.

O‘zgartishlarga muvofiq, shaxsni qo‘rqitish, unga rahmsiz muomala qilish yoki uning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishiga suiqasd qilish darajasiga yetkazish 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lgan shaxsga, voyaga yetmagan shaxsga yoki homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, — yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘zini o‘zi o‘ldirishga undash, ya’ni ko‘ndirish, aldash yoki boshqa yo‘l bilan o‘zga shaxsda o‘zini o‘zi o‘ldirish hissini uyg‘otish, agar shaxs o‘zini o‘zi o‘ldirgan yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishga suiqasd qilgan bo‘lsa, — 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar voyaga yetmagan shaxsga yoki homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, — 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.