O‘zbekiston terma jamoasi 16−18 yosh, 19−21 yosh va imkoniyati cheklangan erkaklar va ayollar o‘rtasida armrestling bo‘yicha Osiyo chempionatida 48 ta medalni qo‘lga kiritdi. 5−12 iyun kunlari Bosterida (Qirg‘iziston) bo‘lib o‘tgan musobaqada 16 davlatdan 500 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi.

O‘zbekiston jamoalari vakillari 18 ta oltin, 13 ta kumush va 17 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumiy hisobda uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Imkoniyati cheklangan sportchilar o‘rtasida Kamola Abdurahmonova (65 kg gacha), Nargiza Azimova (+65 kg), To‘lqinjon Yuldashev (55 kg gacha), Sardor Xudoyberdiyev (60 kg gacha) terma jamoa g‘aznasiga ikkitadan oltin olib keldi.

16−18 yosh toifasida Nazokat Soliyeva (55 kg gacha) ikki karra shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi, Iroda Qodirova (45 kg gacha), Muxlisa Tursunboyeva (50 kg gacha), Bekzod Olimov (75 kg gacha) va Shamshod Ergashev (+80 kg) oltin medal sohiblariga aylandi.

19−21 yoshdagi sportchilar o‘rtasida Doniyor Ulashev (75 kg gacha), shuningdek kattalar o‘rtasida Muhammad Sultonov (75 kg gacha) va Sulton Nematullayev (80 kg gacha, ikkita «oltin») ham Osiyo chempioni nomiga sazovor bo‘ldi.