«Taraqqiyot strategiyasi» markazi O‘zbekiston notarial idoralari faoliyatiga baho berish bo‘yicha ijtimoiy so‘rov o‘tkazmoqda.

Foydalanuvchilarga qator savollar, jumladan ular so‘nggi bor qachon notarial idora xizmatidan foydalangani va xizmatlar uchun davlat boji miqdorini bilish-bilmasligi so‘ralgan.

So‘rov notarius huzuriga tashrif buyurgandagi muammoli vaziyatlarni ham qamrab oladi. «Notarial idoralar faoliyatida qanday muammolarga guvoh bo‘lgansiz?» degan savolga bir qator javoblar keltirilgan. Ular orasida: notarial idora xodimlarining soni talab etilganidan kamligi; notarial idora xodimlarining qo‘pol muomalasi; notarial tasdiqlash uchun bir necha soat yoki kunlab vaqt kutilishi; tanish-bilishlarga, telefon orqali aytganlarga yaxshi xizmat ko‘rsatilishi; xodimlarning zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalana olmasligi kabilar o‘rin olgan.

Foydalanuvchilar notarial tizimdagi muammolarni hal etish uchun qanday choralar ko‘rilishi bo‘yicha takliflarini ham taqdim etishlari mumkin.

So‘rov 17 iyunga qadar davom etadi. 2017−2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida notarial idoralar faoliyatini avtomatlashtirish, barcha notarial bitimlar hisobini markazlashgan holda yuritish va idoralararo elektron hamkorlikni hisobga olgan holda, aholi va tadbirkorlarga notariat sohasida interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.