Toshkent hokimi Rahmonbek Usmonovning 1 iyundagi qarori (PDF) bilan birinchi qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi bo‘lgan ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilishi ma’qullandi.

Aprel oyi o‘rtalarida «shaharsozlik qoidalari va sanitar me’yorlarga javob bermaydigan» avtomobil garajlari o‘rnida ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish rejalashtirilayotgani to‘g‘risida ma’lum qilingan edi. O‘sha vaqtda avtomobillarni saqlash uchun ikki,uch va olti qavatli turargohlarning dastlabki loyihalari taqdim etilgandi.

Hokim qarorida O‘zbekiston poytaxtida avtomobillar soni ikki yil ichida 20 foizga oshgani (1 mart holatiga ko‘ra 420,1 mingta), savdo markazlari va ziyofat zallari yaqinida avtomototransport vositalarini qo‘yish uchun joy yetishmasligi, natijada ko‘chalarda tirbandliklar kuzatilayotgani ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilishiga zarurat borligi keltirib o‘tiladi.

Hujjatda tuman hokimlari rahbarligida maxsus ishchi guruhlarni tuzish, ular tomonidan talablarga javob bermaydigan avtomobil saqlash joylarini o‘rganish, ularni buzish, yangi turargohlar qurilishiga tadbirkorlarni jalb qilish hamda aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish masalalari bilan shug‘ullanishga jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Ishchi guruhlarga 2017 yil so‘ngiga qadar super- va gipermarketlar, ziyofat zallari yaqinida avtoturargohlar qurish bo‘yicha choralar ko‘rish topshirildi. Bunda yaqinida avtoturargohlar tashkil etish uchun sharoitlar bo‘lmagan ob’ektlar egalariga faoliyat turini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi.