May oyi boshida kursdoshlari tomonidan kaltaklanib, oradan bir oy o‘tgach vafot etgan Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibragimov o‘limida aybdor barcha shaxslar o‘z jazosini oladi, deya ma’lum qildi Toshkent IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayev. Yakshanba kuni u Do‘stlik bog‘iga (sobiq Bobur bog‘i) kelib, O‘zbekiston IIVga aybdorlarni aniqlash va jazolash talabi bilan imzo to‘plashga yig‘ilgan fuqarolar bilan uchrashdi.

Xuddi shu kuni IIBB saytida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, 3 may kuni Jasurbek Ibragimovga nisbatan og‘ir tan jarohatlari yetkazilganligi holati yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) alomatlari bilan 1999 yilda tug‘ilgan Islombek Tulaganovga nisbatan mavjud bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, hozirda boshqa shaxslarning mazkur jinoyatga aloqadorligi tekshirilmoqda.

IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevning toshkentliklar bilan uchrashuvi. Foto: Sherzod Ikramutdinov / «Gazeta.uz».

17 yoshli o‘smir onasi Nilufar Aliyevaning Prezident nomiga yozilgan hamda shanba kuni kechqurun tahririyatga kelib tushgan, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maktubida keltirilishicha, Jasurbek 1 iyun kuni beshinchi operatsiyani boshidan o‘tkazayotganda hayotdan ko‘z yumgan. Hodisa sodir bo‘lgan kuni o‘g‘li unga qo‘ng‘iroq qilgan va uyga kelishni so‘ragan. Ota-onasi Jasurbekni yerda yotgan holda uchratgan. «Burni, og‘zi va qulog‘idan qon kelayotgan, butun yelkasi timdalangan, tirsaklari ham qontalash edi, har ikki tizzasi singan, boldirlari tirnalgan, peshonasi butunlay jarohatlangandi… Qornini ko‘zdan kechirganimizda oyoq kiyim izlari yaqqol ko‘rinib turar, tomoq sohasi, jag‘lari ostida barmoqlardan qolgan izlar bor edi», — deb yozadi Nilufar Aliyeva.

Jasurbek tezda 2-sonli shahar Bolalar jarrohligi shifoxonasiga yotqizildi, tez yordam uni 7-sonli shahar Klinik shifoxonasiga olib boradi. Bu yerda o‘smir 18 yoshga to‘lmagani sababli uni qabul qilishmaydi va 1-sonli shahar Bolalar klinik shifoxonasiga yo‘naltirishadi. U yerda ham ichki organlar jiddiy jarohat olgani sababli bolani yotqizishmaydi. Onaning so‘zlariga ko‘ra, tez tibbiy yordam mashinasi kelgandan jonlantirish bo‘limiga yotqizilguniga qadar ikki soatdan ko‘proq vaqt o‘tadi.

5 may kuni o‘smirning qorin sohasida jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. «Operatsiya bo‘yicha shifokorlar menga o‘g‘limning ahvoli og‘ir ekanini, operatsiyaning o‘zi murakkabligini, Jasurning o‘n ikki barmoqli ichagi yorilgani, har ikki buyragi gematoma bilan qoplangani, oshqozon osti beziga kuchli zarar yetgani va boshqa a’zolar ham zararlanganini, qornining bir qism to‘qimasi olib tashlangani, peritonit (yiringlash) boshlanganini ma’lum qildi», — deb yozadi Nilufar Aliyeva. Shifokorlar jarohatlar bir vaqtda bir necha shaxslar tomonidan yetkazilganini taxmin qilishdi.

8 may kuni Jasurbek qaytadan operatsiya qilinadi. 18 mayda u og‘ir ahvolda Respublika tez tibbiy yordam ilmiy markaziga ko‘chiriladi. Bu yerda yana uch marta operatsiya qilinadi. 1 iyunda o‘smir hayotdan ko‘z yumadi. Ona o‘z xatida o‘g‘li kollejning olti nafar o‘quvchisi tomonidan kaltaklanganini gumon qilib yozadi.

Jasurbek Ibragimovning o‘limida aybdorlar shaxslarni aniqlash va aybdorlarni jazolash talabi bilan ommaviy imzo chekishda 400 nafardan ziyod kishi qatnashdi.