Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi, Katta va alohida muhim suv xo‘jaligi ob’ektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Kichik hajmli kemalar davlat inspeksiyasi, shuningdek, Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutining Tezkor xabarlar xizmati O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazildi. Ushbu o‘zgarishlar O‘zbekiston Prezidentining 1 iyundagi «Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Tinchlik va harbiy davrda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish, gidrotexnik inshootlarning barqaror ishlashi, gidrometeorologik va seysmologik kuzatuvlar, kichik hajmdagi kemalardan bexatar foydalanish, suv havzalarida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelish xavfi va omillarini oldindan aniqlash, ular vujudga kelishini barvaqt profilaktika qilish va oldini olishni ta’minlash hamda boshqa vazifalar O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining yangi asosiy vazifalari etib belgilandi.

FVVda favqulodda vaziyatlar rivojlanish xavfi yuqori bo‘lgan tumanlarda (shaharlarda) favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘shimcha bo‘limlar va qutqaruv otryadlari tashkil etiladi.

Mazkur farmonga muvofiq, Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman shahar hokimliklari huzurida ham shunday hududiy komissiyalar tashkil etildi.

Ular vazifalari qatorida har yili favqulodda vaziyatlarning oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan fuqaro muhofazasi (bahor mavsumida), aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish (kuz mavsumida) oyligini tashkil etish va o‘tkazish ham joy oldi. Komissiya mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining avariya, halokat, tabiiy va boshqa ofatlar oqibatida jabrlangan fuqarolar, shuningdek, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda ishtirok etgan shaxslarni ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy muhofaza qilib, tibbiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Mazkur farmonda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish tizimi samaradorligini oshirish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ilm-fan va texnika yutuqlarini joriy etish, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ko‘zda tutilgan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Farmonni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hamda «Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorlari imzolandi.

Mazkur hujjatlarda ko‘zda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va prognozlash borasidagi ishlarni sezilarli darajada yaxshilash va sifatini oshirish, gidrometeorologik va seysmik kuzatuvlar bo‘yicha ishlarni tizimlashtirish, yirik gidrotexnik inshootlar va suv ob’ektlarida favqulodda vaziyatlar paydo bo‘lish xavf-xatarlarini barvaqt aniqlash imkonini beradi.