Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 maydagi qarori bilan O‘zbekistonda siyosiy boshpana berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Hujjat matni davlat rahbari saytida e’lon qilindi.

Nizomda qayd etilishicha, siyosiy boshpana chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston milliy manfaatlarini inobatga olgan holda, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalariga asosan, Konstitutsiya, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq beriladi.

Siyosiy boshpana o‘zining fuqaroligi bo‘yicha mansub davlatda yoki doimiy yashash joyida ijtimoiy-siyosiy faoliyati, diniy e’tiqodi, irqiy yoki milliy mansubligi uchun ta’qib qilinayotgan yoki ta’qib qilishning jabrlanuvchisi bo‘lishiga real tahdiddan, shuningdek xalqaro huquq normalarida nazarda tutilgan inson huquqlari buzilishining boshqa holatlaridan boshpana va himoya izlayotgan shaxslarga va ularning oila a’zolariga beriladi.

Siyosiy boshpana berilgan shaxs va uning oila a’zolari O‘zbekiston hududida mamlakatning qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalarida belgilangan respublikada doimiy yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklardan foydalanadi hamda majburiyatlarga ega bo‘ladi.

Agar shaxs: O‘zbekistonda jinoyat deb tan olinadigan harakat (harakatsizlik) uchun taqib qilinayotgan bo‘lsa yoki BMTning asosiy maqsad va prinsiplariga zid harakatlar sodir etishda aybdor bo‘lsa; ayblanuvchi sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilingan yoki unga nisbatan qonuniy kuchga kirgan va O‘zbekistonda ijro etilishi lozim bo‘lgan sudning ayblov hukmi mavjud bo‘lsa; ta’qib qilinish xavfi bo‘lmagan uchinchi davlatdan kelgan bo‘lsa; u ta’qib qilinmayotgan uchinchi davlatning fuqaroligiga ega bo‘lsa; bila turib yolg‘on ma’lumotlar bergan bo‘lsa; iqtisodiy, ekologik yoki ijtimoiy sabablarga ko‘ra, shuningdek tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar munosabati bilan fuqaroligi bo‘yicha mansub davlatga yoki doimiy yashaydigan davlatiga qaytish imkoniyatiga ega bo‘lmasa yoki qaytishni xohlamasa O‘zbekistonda siyosiy boshpana berilmaydi.

Siyosiy boshpana Prezident farmoni bilan taqdim etilib, davlat rahbari farmoni bilan bekor qilinadi. Murojaatnomani ko‘rib chiqishning eng uzoq muddati — bir yil.

Farmonga muvofiq, O‘zbekistonda siyosiy boshpana taqdim etish bo‘yicha murojaat qilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning biometrik ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.