GM Uzbekistan kompaniyasi 1 iyundan ichki bozorda yengil avtomobillarning barcha modellarini faqatgina milliy valyuta — so‘mda sotadi. Bu O‘zbekiston Prezidentining 26 maydagi «Jeneral Motors O‘zbekiston» AJ ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga narxlar shakllanishini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda «O‘zavtosanoat» 2017 yil 1 iyuniga qadar tuzilgan shartnomalar bo‘yicha yengil avtomobillarni yetkazib berish va to‘lovlarni ularda ko‘rsatilgan shart va muddatlarda xalqaro plastik kartalar orqali qabul qilishni ta’minlashi belgilangan.

Bundan tashqari, butlovchi qismlar va uzellarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, avtomobilsozlikni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan birlamchi xom ashyo va materiallar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va ular hajmini oshirish bo‘yicha sohalararo kooperatsiyani kengaytirish hisobiga import ulushini qisqartirish hamda mahsulotlar tannarxini kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Kompaniya sotish bozorlari va eksport qilinuvchi mahsulotlar nomenklaturasini yanada diversifikatsiya qilish, tashqi bozorlardagi o‘rnini mustahkamlash hisobiga eksport hajmini oshiradi. Yangi raqobatbardosh mahsulotlarni o‘zlashtirishga qaratilgan investitsion loyihalarni amalga oshirish hisobiga ishlab chiqarish hajmini oshirish ham kutilmoqda.