Toshkentdagi tijorat banklari Kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Konsorsium tashkil etadi. Uning boshlang‘ich ustav kapitali 50 mlrd so‘m etib belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining 24 mayda imzolangan kasanachilikni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida so‘z boradi.

Konsorsium zamonaviy mashina, asbob-uskunalar, xomashyo va materiallarni xarid qilishga kasanachi va (yoki) kasana mahsulotlarini ishlab chiqarishga buyurtma beruvchi korxonalarga zayomlarni ajratishi mumkin.

To‘qima va trikotaj, mebel, galantereya (attorlik), qandolat va non mahsulotlari mahsulotlarini ishlab chiqarish, elektrotexnika mahsulotlarini ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish hamda bog‘dorchilik va obodonlashtirish xizmatlari uchun zayom olish mumkin.

1 iyuldan boshlab kasanachilar uchun jismoniy shaxslarga qo‘llaniladigan daromad solig‘i qat’iy 7,5 foiz miqdorida belgilandi.

Konsorsiumning tuzilmaviy bo‘linmalari kasanachilarga ishlab chiqarishni tashkil etish uchun marketing olib borish va buyurtmachilarni izlashda yordam ko‘rsatadi.