«O‘zbekenergo» va Turkmaniston Energetika vazirligi shanba kuni elektr energiyasi tranziti sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.

Ikki mamlakat rahbarlarining Turkmanboshidagi «Avaza» kongresslar markazida shanba kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha hujjatga O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov va Turkmaniston energetika vaziri Charimirat Purchekov imzo chekdi.

«Gazeta.uz"ning O‘zbekiston Prezidenti devonidagi axborot manbasining xabar qilishicha, memorandum elektr energiyasini O‘zbekiston energotizimi orqali Turkmanistondan Qozog‘iston va Qirg‘izistonga tranzit qilishni ko‘zda tutadi.

U shuningdek elektr energiyasini «Turkmenenergo"ning «O‘zbekenergo» oldidagi qarzdorligini qoplash hisobidan o‘zaro kelishilgan narx bo‘yicha yetkazib berish masalalariga ham taalluqli.