«Toshshahartransxizmat» boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi Mirhosil Xolmatov 17 may kuni o‘tkazgan videoselektorda kompaniya tarkibiga kiruvchi barcha avtobus saroylari rahbarlari hisoboti tinglandi.

«Toshshahartransxizmat» matbuot xizmatining xabar qilishicha, yig‘ilishda qator korxonalar rahbarlari ogohlantirildi, 3-avtobus saroyi direktorining o‘rinbosari belgilangan vazifalarni bajarmaslik va jamoada mehnat intizomining pastlagani sababli lavozimidan ozod qilish taklif qilindi.

«Toshshahartransxizmat» raisining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mohira Valiyevani ham unga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarmagani sababli lavozimidan ozod qilish taklifi ilgari surildi.

Mirhosil Xolmatov har bir xodimni shahar yo‘lovchi transporti faoliyatini yaxshilash uchun fidokorlik va halol ishlashga chaqirdi.

Hukumat qarori bilan Germaniyadan xarid qilingan Mercedes-Benz avtobuslari uchun umumiy qiymati 1,95 mln yevro bo‘lgan original ehtiyot qismlar sotib olingani ma’lum qilindi. Ular uzoq muddat to‘xtab qolgan transportlarning ta’miri uchun foydalanildi. Ularning yo‘nalishga qaytishi harakat davomiyligini ta’minlashga yordam beradi.

Yo‘lovchilar va haydovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida yilning issiq vaqtlarida har bir avtobusga uchtadan ventilyator joylashtirish rejalashtirilmoqda.