Sanitariya me’yorlariga rioya etilmasdan tayyorlangan va sotuvga chiqarilgan muzqaymoq Andijon viloyatida ommaviy zaharlanishga sabab bo‘ldi, deb xabar qildi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Shahrixon tumani markazidagi «Maks» kafesida tadbirkor Jahongir Bultirboyev frezerli muzqaymoq savdosi bilan shug‘ullangan. U muzqaymoq uchun qorishmani tayyorlash bo‘yicha sexni Andijondagi o‘z uyida tegishli ruxsat beruvchi hujjatlarsiz tashkil etgan.

Mahsulotni tayyorlashda sanitariya me’yorlariga rioya qilmagan. Uydan kafega tayyor mahsulotni oziq-ovqat mahsulotlari uchun mo‘ljallanmagan plastmassa idishlarda tashigan. Muzqaymoq qorishmasini vaqtincha saqlash uchun idishlar, to‘rtta frezer uskunasi qismlarini yuvish va zararsizlantirish uchun zarur sharoitlar yaratilmagan, dezinfeksiya vositalaridan foydalanilmagan, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.

Tadbirkor muzqaymoq qorishmasini tayyorlashda xavfsizlikni kafolatlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagan. Mahsulotni ishlab chiqarishda tayyorlangan sanasi va yaroqlilik muddati noma’lum xom ashyodan foydalangan. Kafening to‘rt nafar ishchisi zarur tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan.

Hodisa joyidagi epidemik vaziyatni sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari — bosh davlat sanitar shifokori Saidmurod Saydaliyev, virusologiya Ilmiy tadqiqot instituti direktori Erkin Musaboyev, epidemiologiya, mikrobiologiya va infeksion kasalliklar ITI direktori Abdurashid Abdushukurov va Sog‘liqni saqlash vazirligining qator mutaxassislari o‘rgandi.

15 may kuni 14:30 dan 22:00 ga qadar Shahrixon tuman tibbiyot birlashmasiga 186 kishi ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘rig‘i va harorat ko‘tarilishi alomatlari bilan yordam so‘rab murojaat qilgan. Mutaxassislar bilan suhbatda bemorlar 14 may kuni «Maks» kafesida frezerli muzqaymoq iste’mol qilganidan so‘ng salomatligi yomonlashganini ma’lum qilgan.

To‘rt kishining ahvoli o‘rtacha baholanmoqda. Ular reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan, salomatligi yaxshilanganidan so‘ng esa shu kunning o‘zida umumiy bo‘limga yotqizilgan. Qolgan bemorlarning ahvoli yengil deb baholanib, ularga umumiy palatalarda tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

17 may 17:00 holati bo‘yicha shifoxonada 33 bemor davolanmoqda, ularning barchasi shifokorlar nazorati ostida. Mutaxassislar fuqarolar holatini barqaror deb hisoblamoqda. Shifoxona va uning bo‘limlari zarur dori vositalari, infuzion eritmalar, bir martalik shpirslar va sistemalar bilan ta’minlangan.

Shahrixondagi epidemik vaziyat qat’iy nazorat ostida va barqarorlashgan, deya qayd etildi Sog‘liqni saqlash vazirligida.