«Toshshahartransxizmat» kompaniyasining yangi rahbari 13 va 14 may kunlari poytaxt avtobus parklari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ular zimmasiga qator vazifalarni yukladi. Bu haqda kompaniya saytida xabar qilindi.

Avtokorxonalarga, jumladan yo‘lovchilar tashish xavfsizligi va avtobuslar harakatining muntazamligini ta’minlash, haydovchilar va chiptachilarning yo‘lovchilar bilan muloqot madaniyatini yaxshilash topshirildi.

Aholining transport xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish belgilandi. Aholidan kelib tushayotgan ariza va shikoyatlardan kelib chiqib, avtobuslar ertalab soat 04:30 dan soat 24:00 gacha harakatlanadigan bo‘ldi.

«Toshshahartransxizmat"ning barcha ishchi-xodimlarning, shu jumladan farrosh, chilangar, haydovchilar va chiptachilarning oylik maoshini oshirish va ularni mehnatiga qarab munosib rag‘batlantirish rejalashtirilmoqda.

«Toshshahartransxizmat» AJ boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Mirhosil Xolmatov yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish hamda shahar yo‘lovchi transportining ishini yanada yaxshilash, boshqaruv va ish olib borish tizimini tubdan o‘zgartirish, sohani rivojlantirish bo‘yicha asoslangan takliflar kiritish yuzasidan korxona rahbarlariga 10 kun muddat berildi. Mazkur vaqt ichida o‘ziga yuklatilgan vazifalarni uddalay olmagan korxona rahbarining egallab turgan lavozimiga loyiqlik masalasi ko‘rib chiqilishi ta’kidlab o‘tildi.

Yo‘lovchilarning oylik yo‘l chiptasidan foydalanishlarini ommalashtirish, oylik yo‘l chiptalarining sotilishini ko‘paytirish maqsadida 10 minginchi oylik yo‘l chiptasi egasiga mikroto‘lqinli pech, 30 minginchiga — televizor, 50 minginchiga — muzlatgich, 100 minginchiga — Matiz avtomobili, 150 minginchiga — Nexia-3, 200 minginchiga — Malibu, 300 minginchiga — Captiva, 500 minginchiga — ko‘p qavatli uylardan 2 xonali xonadon yutuq sifatida berilishi rejalashtirilmoqda.