O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati bo‘ylab safari jarayonida chorshanba kuni Sardoba suv ombori qurilishi bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Joriy yilda qurilishi yakunlanadigan gidroinshootda 922 million kub metr suv to‘planadi. Suv ombori 2010 yilda Janubiy Mirzacho‘l kanalining markaziy tarmog‘i oqib o‘tgan hududda bunyod etila boshlangan edi.

«Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirmoqdamiz, odamlar takroriy ekin ekib, qo‘shimcha daromad topsin. Sardoba suv ombori hududdagi dehqon va fermerlarga bu borada katta imkoniyatlar yaratadi», dedi davlat rahbari.

Prezidentning Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida gidroenergetika sohasida ham muhim kelishuvlarga erishildi. Ushbu mamlakat bilan hamkorlikda Sardoba suv ombori yonida quvvati 15 megavatt bo‘lgan mini gidroelektrostansiya quriladi. Suv ombori atrofida dam olish zonasi tashkil etiladi.

Prezident mamlakatda muqobil energetikani rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli chora-tadbirlar ishlab chiqilayotgani, gidroenergetika sohasida yangi kompaniya tuzilishi rejalashtirilayotganini ta’kidladi.

Shu yerda Mirzaobod tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qishloq xo‘jaligi sohasidagi istiqbolli loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli «Sardoba temir yo‘l agrosanoat majmuasi» unitar korxonasi tomonidan baliqchilik, chorvachilik, meva-sabzavotni qayta ishlash, sut mahsulotlari va omixta yem ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Sardoba suv ombori va Mirzaobod tumani hududida tashkil etiladigan baliqchilik majmuasi inkubatsion sex, intensiv hovuzlar, baliqni qayta ishlash zavodi, mahsulotlarni saqlovchi muzlatkichni o‘z ichiga oladi. Baliq uchun omixta yem ham shu yerning o‘zida ishlab chiqariladi. Majmua «Sirdaryo baliq sanoat» korxonasi uchun asosiy baza bo‘lib xizmat qiladi.

Sardoba meva-sabzovotlar logistika markazi ham ko‘p tarmoqli bo‘ladi. Bu yerda meva-sabzavotlar yetishtirish, saralash, qayta ishlash, qadoqlash, muzlatish, saqlash, quritish va yetkazib berish tashkil etiladi.

Mirzaobod tumanida tashkil etiladigan chorvachilik kompleksida zotdor qoramollar ko‘paytirish orqali aholiga go‘sht va sut yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tumandagi yana bir korxonada sut mahsulotlari ishlab chiqariladi. 3,5 ming tonna sut qayta ishlanib, keng turdagi mahsulotlar tayyorlanadi va qadoqlanadi. Tarmoqdagi korxonalarni omixta yem bilan ta’minlash maqsadida 3 ming tonna omixta yem ishlab chiqariladigan korxona tashkil etish mo‘ljallangan.