14 may kuni telefon orqali berilgan yolg‘on xabar Samarqand Darvoza savdo markaziga tashrif burganlarning favqulodda evakuatsiya qilinishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Toshkent IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Toshkent viloyatida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan shaxs «102» xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, hijob o‘rangan ikki noma’lum ayol tomonidan Samarqand Darvoza binosiga portlovchi modda o‘rnatilgani haqida xabar qiladi. IIBBning qayd etishicha, qo‘ng‘iroq bezorilik maqsadida amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi.

Hodisa joyiga yetib kelgan O‘zbekiston IIV, Toshkent shahar IIBB va Shayxontohur tuman mas’ul xodimlari, tergov-tezkor guruhlari hamda boshqa xizmatlar xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor harakatlar natijasida savdo majmuasidagi fuqarolar xavfsiz joyga olib chiqilib, bino ko‘zdan kechirilgan. Savdo majmuasida hech qanday portlovchi modda va boshqa shubhali narsalar aniqlanmagan.

O‘tkazilgan tezkor surishtiruv davomida, fuqaro N.I.Nurbekova (F.I.Sh. o‘zgartirilgan) ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini chalg‘itib, yolg‘on xabar bergani aniqlangan. Bu savdo majmuasiga ham sezilarli miqdorda moddiy ziyon yetkazdi.

Ushbu holat yuzasidan tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.