O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 aprel kuni “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga TDYuUdan xabar qilindi.

Hujjatga muvofiq, Adliya vazirligi tuzilmasiga adliya vaziri o‘rinbosari — TDYuU rektori lavozimi joriy etiladi. Universitetda ta’lim yuklamalarini optimallashtirish, jumladan nazariy ta’lim davomiyligini qisqartirish, mustaqil tayyorgarlikka alohida e’tibor berish, attestatsiya muntazamligini oshirish ko‘zda tutilmoqda. OTMdan izoh berilishicha, bu talabalarning mustaqil ta’lim olishini kuchaytirish, o‘quv mashg‘ulotlari sifati va samaradorligini ko‘tarish, huquqqa oid amaliyotni o‘qitish ulushini oshirish, talabalarga oraliq va yakuniy imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘proq vaqt ajratish hamda pedagogik xodimlarga o‘z ustida ishlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirishga imkon yaratish singari maqsadlarga xizmat qiladi.

Universitetda talabalarning akademik mobilligini ta’minlash maqsadida kreditlarni (o‘quv vaqtining shartli sinov birligi) ko‘chirish va jamg‘arish tizimi joriy etiladi. Rivojlangan mamlakatlar amaliyotida kreditlarni ko‘chirish va jamg‘arish tizimi talabalarni bir ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazishda keng qo‘llaniladi.

Qarorda TDYuU talabalar qabul kvotasini oshirish ham belgilangan. Qabul kvotasi 600 o‘rinni tashkil etib, kelgusida qonunchilikka binoan qimmatlashtirilgan to‘lov-shartnoma asosida qo‘shimcha qabulni amalga oshirish imkoniyati mavjud. Kvotaning ko‘paytirilishi oliy yuridik ta’lim ommabopligi, yuridik kadrlar raqobatbardoshligi, sud-huquq tizimini kadrlar bilan ta’minlash, nodavlat sohalar, jumladan biznes tuzilmalarning huquqshunos mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, xodimlar mehnatini moddiy rag‘batlantirish hisobiga yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda universitetga qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni jalb qilish va ularni OTM rivoji yo‘lida sarflash imkonini yaratadi.

Xorij fuqarolarini TDYuU bakalavr bosqichiga suhbat asosida test sinovlarisiz qabul qilish tartiblari ham o‘rnatildi. Bunda TDYuU kvotasidan tashqari qabul qilinuvchi nomzodlardan ta’lim tilini bilish talab qilinadi. Chet ellik talabalarning qabul qilinishiTDYuU xalqaro reytingi va milliy yuridik ta’lim raqobatbardoshligining ko‘tarilishiga xizmat qiladi.

TDYuUga amaliyot talablarini hisobga olgan holda bitiruvchilarga qo‘yiluvchi malakaviy talablar, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlari singari o‘quv-normativ hujjatlarni mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash vakolati berildi. Bu o‘quv jarayonini ish beruvchilar, shuningdek jadal taraqqiy etib borayotgan yuridik ta’lim va global darajadagi huquq amaliyoti talablariga muntazam ravishda moslashtirib borishga imkon beradi.

TDYuU vasiylik kengashini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. U davlat, jamoatchilik va biznes tuzilmalar bilan bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, oliy yuridik ta’limni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalar natijalarini qonunchilik faoliyati va huquq amaliyotiga samarali tadbiq etish, ta’lim va fan sohasida sherikchilik to‘g‘risidagi shartnomalarini tuzish, xalqaro hamkorlik amaliyotini rivojlantirish, o‘rnatish va rivojlantirish, TDYuU pedagogik va boshqa xodimlari uchun mehnat sharoitlari va ularning ijtimoiy ta’minotini yaxshilash, OTMga moliyaviy yordamlarni tashkil etish, uning faoliyati va rivojlanishini ta’minlash uchun byudjetdan tashqari va xayriya mablag‘larini jalb etishga xizmat qiluvchi yangi shakl, dastur va istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalarida ishtirok etadi.