25 yil ichida ilk bor tashkil etilgan O‘zbekistonning Dushanbedagi (Tojikiston) milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi katta muvaffaqiyatlar bilan yakunlandi. Ko‘rgazma va biznes-forum natijalariga ko‘ra umumiy qiymati 50 mln dollardan ziyod bo‘lgan memorandum, kelishuv va shartnomalar imzolandi. To‘rt kun davomida (17−20 aprel) ko‘rgazmaga 20 ming nafaqardan ziyod kishi tashrif buyurdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, ko‘rgazmada O‘zbekistonning 160 dan ziyod kompaniyasi 1 ming 500 turdagi mahsulotlarni namoyish etdi. Dushanbe shahridagi «Poytaxt — 90» savdo markazida elektrotexnika, kabel, kimyo va neft-kimyo, farmatsevtika, santexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, charm mahsulotlari, qurilish materiallari va boshqa tovarlar namoyish etildi.

Ochiq ko‘rgazma maydonida qishloq xo‘jaligi va transport texnikasi, xususan, yengil, yuk tashuvchi va maxsus avtomobillar, avtobuslar, velosiped va mototsikllar, traktorlar, paxta terish mashinalari va turli uskunalar taqdim etildi.

Ko‘rgazmaga kelganlar O‘zbekiston mustaqillik yillarida milliy sanoatni rivojlantirishda ulkan yutuqlarga erishganini ta’kidladi.

Tadbir doirasida o‘tkazilgan biznes-forumda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 500 ga yaqin vakili qatnashdi. Forumda so‘zga chiqqan Tojikiston Respublikasi Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi raisi F.Sattor va boshqalar mamlakatlarimiz poytaxtlari o‘rtasida aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilgani muhim ahamiyatga ega ekanini, ushbu ko‘rgazma va biznes-forum o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.

Biznes-forumda Tojikiston vakillari qo‘shma korxonalar tashkil qilish, savdo bozorlarini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, gidroenergetika, tog‘-kon, oziq-ovqat, to‘qimachilik va farmatsevtika sanoati, transport, logistika, kommunikatsiyalar, mashinasozlik, qurilish, turizm va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

«O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnika vositalari namoyishi «Tojikagrolizing» kompaniyasi, fermer va dehqon xo‘jaliklari vakillarida qiziqish uyg‘otdi. Buning natijasida qiymati 3 million AQSH dollariga teng bitim va shartnomalar imzolandi.