7 aprel kuni Stokgolmda terakt amalga oshirgani uchun Shvetsiya huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olingan Rahmat Oqilovga nisbatan avvalroq Samarqand viloyat IIB tomonidan ochilgan jinoiy yuzasidan tergov o‘tkazilmoqda. Bu haqda juma kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubning birinchi yig‘ilishida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov ma’lum qildi.

Mamlakat TIV rahbari qo‘lga olingan shaxs O‘zbekiston fuqarosi ekanini tasdiqladi. Samarqand viloyatidan bo‘lgan Oqilov (1978 yilda tug‘ilgan) 2014 yilda Stokgolmga chiqib ketgan va u yerda qurilish ob’ektlarida ishlagan.

«Xorijda bo‘lish mobaynida [u] internet tarmog‘i orqali xalqaro „Islom davlati“ terroristik guruhi emissarlari tomonidan og‘dirib olingan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, o‘z vatandoshlarini Suriyada „ID“ tomonida jangovar harakatlarda ishtirok etishga faol targ‘ib qilib kelgan. Ko‘p marotaba internet-messenjerlari orqali O‘zbekistondagi yaqinlariga terroristik mazmundagi videoroliklarni jo‘natib turgan va ularni O‘zbekiston hokimiyat, boshqaruv organlari, huquqni muhofaza qilish tuzilmalari xodimlariga qarshi zo‘ravonlik harakatlarini amalga oshirishlari uchun og‘dirishga harakat qilgan», — deb xabar qildi vazir.

Oqilovga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 127, 244 va 244−1 moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni amalga oshirganlik uchun jinoiy ish ochilgan.

Abdulaziz Kamilovning ta’kidlashicha, avvalroq Rahmat Oqilovning noqonuniy xatti-harakatlari to‘g‘risida maxsus xizmatlar liniyasi bo‘yicha shved tomoni xabardor qilingan.