O‘zbekistonda kuzga qadar «Tibbiy sug‘urta to‘g‘risida"gi qonun loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Dushanba kuni Lex.uz saytida e’lon qilingan Prezidentning «Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida shu haqda so‘z boradi.

Qonunda har bir fuqaroning tibbiy sug‘urta tizimiga qamrab olinishi, bunda umumiylik va majburiylikni ko‘zda tutilishi rejalashtirilgan.

Unda har bir fuqaroning tibbiy va profilaktik xizmatlardan foydalanishda teng huquqlarga ega bo‘lishi, shuningdek sug‘urta polisiga mos ravishda yuqori sifatli tibbiy xizmatlar taqdim etilishi kafolatlari belgilanadi.

Majburiy va ko‘ngilli tibbiy sug‘urta tizimida ishtirok etuvchi fuqarolar uchun rag‘batlantiruvchi imtiyoz va preferensiyalar ishlab chiqilishi zarur.

Shuningdek qonunda ko‘ngilli va majburiy tibbiy sug‘urtaning qonuniy asoslari, tibbiy va profilaktik xizmatlar uchun tariflarni boshqarish masalalari, sug‘urta majburiyatlari, sug‘urta badallari va sug‘urta to‘lovlari hajmlarini boshqarish mexanizmlari ham belgilab qo‘yilishi lozim.

Tibbiy sug‘urta mablag‘larini boshqarish uchun Majburiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi.