«O‘zbekipaksanoat» Assotsiatsiyasi O‘zbekistonda pillachilik sohasini tubdan yaxshilash bilan shug‘ullanadi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 mart kuni uning tashkil etilishi to‘g‘risidagi qarorini imzoladi.

Hujjatga berilgan sharhda qayd etilishicha, pilla xomashyosi yetarli hajmda ishlab chiqarilmayotganligi aksariyat pillani qayta ishlash va ipakchilik korxonalarining to‘liq quvvat bilan ishlamasdan, yiliga 4−5 oylab faoliyatini to‘xtatib qo‘yishiga olib kelmoqda.

Bugungi kunda mavjud 80 million tup tut qatorlari va 51 ming gektar maydondagi tutzorlardagi mavjud ozuqa bazasi hisobiga yiliga 450 ming qutidan ortiq ipak qurti parvarishlanib, 26 ming tonna pilla yetishtirilmoqda. Vujudga kelgan ipak qurti urug‘i yetishmovchiligi o‘rnini qoplash uchun har yili 230−250 ming quti ipak qurti respublikaga import qilinmoqda va bu tarmoq korxonalari ehtiyojining 50 foizini tashkil etmoqda.

Hududlarda ipak qurtining aholi xonadonlarida boqilishi bir qator noqulayliklar tug‘dirib, mavsumdan keyin pilla boqilgan xonalarni ta’mirlash aholi uchun sezilarli darajada moliyaviy xarajatlarni talab qiladi. Xonadonlarda pilla boqish uchun zarur sharoitlarning yetarli emasligi ham yuqori sifatli va kutilgan pilla hosilini olish imkonini bermaydi.

Bugungi kunda tarmoq nufuzini oshirish uchun ozuqa bazasini jadal rivojlantirish, sifatli ipak qurti urug‘i yetishtirish tizimini keng yo‘lga qo‘yish, sanoatbop pilla xomashyosini yetishtirish va pillani qayta ishlash korxonalarining to‘liq quvvat bilan ishlashini ta’minlash barobarida tayyor raqobatbardosh mahsulot bilan jahon bozoriga chiqish va sohaning eksport imkoniyatini tubdan yaxshilash bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurati paydo bo‘lmoqda.

Tarmoqda mavjud muammolarni hal qilish maqsadida «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi faoliyatini tashkilga qaror qilindi. Qarorga muvofiq tijorat banklari ishtirokida ta’sis etiladigan, o‘ziga ma’lum xo‘jalik zonalari biriktiriladigan, hududlarda pillachilik tarmog‘i korxonalari faoliyatini muvofiqlashtiradigan beshta mintaqaviy jamiyatdan iborat «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tashkil etilmoqda. Ushbu jamiyat nomlari quyidagilar:

«Janubipaksanoat» (muassislar — Bukhara Brilliant Silk QK hamda Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryodagi boshqa sohaviy tashkilotlar);

«Shimolipaksanoat» («Asakabank» hamda Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatidagi tashkilotlar);

«Markazipaksanoat» («Agrobank» hamda Samarqand, Navoiy va Jizzax viloyatlaridagi tashkilotlar);

«Vodiyipaksanoat» Tashqi iqtisodiy faoliya milliy banki hamda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi tashkilotlar);

«Toshkentipaksanoat» («O‘zsanoatqurilishbank» hamda Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi tashkilotlar).

Shu bilan bir qatorda hududiy va tuman «Agropilla» korxonalarini tashkil etish, ular zimmasiga sifatli ipak qurti urug‘ini pillachilik bilan shug‘ullanuvchi kasanachilar va tashkilotlarga tarqatish, ipak qurtini parvarishlash va pilla yetishtirish bo‘yicha konsultatsiya xizmatlari ko‘rsatish, pilla yetishtirish jarayonini monitoring qilish, pillani yig‘ish va tayyorlashni amalga oshirish kabi vazifalarni yuklash ko‘zda tutilmoqda.

Asosiy vazifa va yo‘nalishlari sifatida tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlash uchun sug‘oriladigan yer maydonlarini taqdim etish bo‘yicha tegishli mahalliy davlat boshqaruvi va ijro hokimiyati organlari bilan samarali hamkorlikni ta’minlash, tut plantatsiyalari qoshida va tut oralarida ikkilamchi faoliyatni, jumladan, sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilikni yo‘lga qo‘yish hamda yetishtirilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorda sotish belgilangan.

2017−2021 yillarda pillachilik tarmog‘ini kompleks rivojlantirish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida qarorga muvofiq pillaga birlamchi ishlov berish tizimini takomillashtirish, sifat menejmentining zamonaviy usullari, tayyor mahsulotning xaridorgir turlari va dizaynini keng joriy etish, uni xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirish, oliy ta’lim muassasalarida pillachilik tarmog‘i uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun Ishchi guruh tuzildi.

Qarorda 2023 yil 1 yanvargacha korxonalar yagona soliq, yagona ijtimoiy to‘lov va bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari)dan ozod qilinishi, kasanachilarning jismoniy shaxslarga hisoblanadigan daromad solig‘idan ozod qilinishi, shuningdek, pilla boquvchilar va kasanachilarning pilla mavsumidagi davrda bajargan ishlari ularga pensiya ta’minlashda bir yillik ish staji deb hisoblanishi alohida belgilab qo‘yilgan.

Ozuqa bazasining mustahkamlanishi va kengayishi, pilla yetishtirish majmualarining bevosita tutzorlar yaqinida barpo etilishi, 2 barobar ko‘p hosil beradigan, ozuqa qiymati yuqori va sovuqqa chidamli tut ko‘chatlarining olib kelinishi pilla yetishtirish hajmlarini 35 ming tonnaga (35 foizga) oshirish hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar, shu jumladan, shoyi gazlamalar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi.

Yuqorida ko‘rsatilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida 2021 yilga borib umumiy yetishtirilgan pilla hajmida pillani qayta ishlash ulushi 50 foizgacha oshiriladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mahsulot eksporti hisobidan valyuta mablag‘lari tushumi ortadi.