O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik sub’ektlari va aholining keng qatlamini mikrokreditlash tizimini soddalashtirish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekdi. Bu haqda «O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturida xabar qilindi. Hujjat imtiyozli mikrokreditda keng yo‘l ochish hamda yakka tartibdagi mehnat faoliyatini rag‘batlantirish yo‘li bilan aholi bandligini oshirishga qaratilgan.

Qarorda yangi ro‘yxatga olingan yuridik shaxs tashkil etmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar (YATT) va oilaviy tadbirkorlik sub’ektlariga (OTS) mikrokreditlar ajratish mexanizmini soddalashtirishni joriy etishni ko‘zda tutadi. Ularga tadbirkorlik faoliyati mahsulotlarini xarid qilish uchun eng kam oylik ish haqining (EKOIH) 20 baravarigacha miqdorda mikrokreditlar ajratiladi.

Qo‘shimcha ravishda yangi ro‘yxatga olingan YATT va OTSlarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kafilligi asosida qonunchilikda ko‘zda tutilgan tartibda EKOIHning 60 baravari miqdorida mikrokreditlarni ajratish amaliyoti kengaytiriladi.

Markaziy bankka bir oy muddatda yuqorida ko‘rsatilgan mikrokreditlarni ajratishning soddalashtirilgan tartiblarini tasdiqlash tavsiya qilindi.

Qator tadbirkorlik turlari (ro‘yxat keyinroq e’lon qilinadi) bilan shug‘ullanuvchi YATT va OTS 2021 yil 1 yanvarga qadar yuqorida ko‘rsatilgan kreditlarni rasmiylashtirishda 6 oy muddatda qayd etilgan soliqlarni to‘lashdan ozod qilinadi. Davlat ro‘yxatidan o‘tgandan 12 oy ichida yopilgan yoki 3 oy va undan ziyod muddatga faoliyati to‘xtatilgan taqdirda, qayd etilgan soliq amaliy faoliyat olib borilgan butun davr uchun to‘lanishi shartligi belgilandi.

Joylardagi davlat hukumat organlari va mutasaddi mahkamalarga tijorat banklari kreditlari hisobidan xarid qilingan qora mol, qo‘y, echki, quyon, qushlar, baliqlar, asalari uyalari, mevali daraxtlar, tok ko‘chatlari, urug‘lar, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni kimyoviy himoyalash vositalari, xo‘jalik texnikalari, jihozlar, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlarni hech qanday cheklovlarsiz yetkazib berishni tashkillashtirishda ko‘mak ko‘rsatishni ta’minlash vazifasi topshirildi.

Qarorda uzoq va borish qiyin bo‘lgan tumanlar hamda ortiqcha mehnat resurslariga ega tumanlarda yangidan tashkil etilgan YATT va OTS uchun Imtiyozli kreditlash jamg‘armasi hisobidan tijorat banklari tomonidan eng kam oylik ish haqining 100 baravarigacha miqdorida kreditlar ajratish belgilandi.