UZMOBILE milliy mobil aloqa operatori o‘z abonentlari uchun barcha davlat organlari saytlariga kirishni bepul qildi. Bu haqda kompaniya rahbariyati Toshkentda shanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili doirasida „Muloqot“ xizmati ishga tushirilib, u orqali 115−120 ta saytga bepul kirish mumkin», — deb xabar qildi UZMOBILE bosh direktori Vladimir Kravchenko. Yaqin vaqtlar ichida operator saytida resurslarning to‘liq ro‘yxati e’lon qilinadi.

UZMOBILE abonetlari bepul foydalanishi mumkin bo‘lgan saytlar qatorida Prezidentning virtual qabulxonasi (pm.gov.uz), Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz), Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz), Normativ-huquqiy aktlar muhokamasi bo‘yicha portal (regulation.gov.uz), Hukumat portali (gov.uz) va boshqalar mavjud.