O‘zbekiston 2017-yilda 1,1 mlrd AQSH dollaridan ziyodroq hajmdagi importni qisqartirishni mo‘ljallamoqda. Bu haqda seshanba kuni Toshkentda Iqtisodiyot vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida xabar qilindi. Import hajmi mahalliylashtirilgan tovarlarni xarid qilish va import o‘rnini bosuvchi yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish hisobidan qisqartiriladi

Joriy yilda 6,5 trln so‘mlik hajmdagi mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi 960 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, milliy ishlab chiqaruvchilarga 122 turdagi xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarish belgilab olingan.

Har yillik ishlab chiqarish hajmi 900 mlrd so‘mdan oshuvchi 400 dan ziyodroq loyihalar tegishli imtiyoz va preferensiyalarga ega mahalliylashtirish dasturiga kiritiladi. 2019-yilga qadar esa umumiy ishlab chiqarish quvvati 3,4 mlrd dollarga teng 1146 ta loyihani amalga oshirish belgilangan.

Import tahlili bo‘yicha, so‘nggi uch yil davomida 100 dan ziyod mahsulotlar guruhlari bo‘yicha import to‘liq to‘xtatilgan. 350 dan ziyod mahsulotlar, jumladan, televizorlar, konditsionerlar, sovutkich va muzlatkichlar, changyutkichlar, xo‘jalik lampalari, avtomobil filtrlari va radiatorlari, quvurlar, keramik plitkalar, linoleum, sun’iy tolali matolarning alohida turlari, poligrafiya bo‘yoqlari, tibbiyot ampulalari, bolalar o‘yinchoqlari, sport inventarlari va boshqalar importi hajmi ikki barobarga kamaydi.