Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Davbionazorat xodimlari “Baliqchi” kompaniyasi xavfsizlik xizmati bilan 14-mart kuni Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani hududida olib borgan reyd davomida Sirdaryo daryosida noqonuniy ravishda baliq ovlash holatlarini qayd etdi. Bu haqda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi axborot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Avval xabar qilganimizdek, 10 martdan 1 iyunga qadar Amudaryo va Sirdaryoda baliq resurslarini ovlashga vaqtinchalik taqiq o‘rnatilgan. U ko‘payish mavsumida baliq resurslarini saqlashga yo‘naltirilgan.

Qo‘lga olingan brakon’yerlar eng xavfli ov qurollaridan biri hisoblangan hamda O‘zbekiston tabiatni muhofaza qilish qonunchiligida foydalanish taqiqlangan elektr qarmoqdan foydalanishgani ma’lum bo‘ldi.

Davbionazorat hisob-kitobiga ko‘ra, brakonerlar harakati tufayli davlatga yetkazilgan zarar miqdori 42 mln so‘mni tashkil etgan. 90 kg dan ziyodroq oq amur, zog‘orabaliq (sazan), xumbosh, tovonbaliq va boshqa turdagi baliqlar musodara qilingan.

Qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 202-moddasi (brakon'yerlik) bo‘yicha tegishli choralar qo‘llaniladi.

Davbionazorat rahbariyati qarori bilan baliq mahsulotlari 15 mart kuni ertalab Toshkentdagi Xlebushkina nomidagi 22-mehribonlik uyiga topshirildi.