O‘zbekistonning 23 tumanida 50 gektardan ziyod maydonda za’faron plantatsiyalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu 2017−2019 yillarda o‘rmon fondi yerlari va fermer xo‘jaliklarida dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish loyihasida ko‘zda tutilgan, deb xabar berdi O‘zA.

Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, za’faron yurtimiz tuproq-iqlim sharoitiga to‘liq mos bo‘lib, uni Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlarining tog‘ va tog‘oldi hududlarida, bog‘ va tokzorlar qator oralarida, o‘rmon hududlarida yetishtirish imkoniyati mavjud.

Joriy yildan boshlab Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ va Kitob tumanlarida 4 gektardan, Shahrisabz tumanida 3 gektar maydonda za’faron plantatsiyalarini barpo etish mo‘ljallanmoqda. Ushbu o‘simlikni ko‘paytirish mamlakatimizda dorivor o‘simliklar xomashyosini mahalliy sharoitda yetishtirish, farmatsevtika sanoati ehtiyojini ta’minlash va oziq-ovqat ziravori sifatida eksport qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 24−25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida za’faron plantatsiyalarini tashkil etish mahalliy farmatsevtika sanoati uchun xomashyo manbaini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Za’faron yetishtirish uchun mutaxassislar tayyorlash, buning uchun alohida kollejni tanlash va yoshlarni o‘qitish, Toshkent davlat agrar universitetida mutaxassislar tayyorlash lozimligini ta’kidladi. Davlat rahbari za’faron o‘simligini yetishtirish, kelajakda uni ko‘paytirish bo‘yicha markaz tashkil etish maqsadga muvofiq ekanini qayd etdi.

O‘zbekistonning iqlim sharoitiga mos shifobaxsh va oziq-ovqat tarmog‘ida ishlatiladigan sano o‘ti, dorivor valeriana, bo‘yoqdor ro‘yan, dorivor lavanda, tukli erva, dorivor rozmarin va ikki bo‘lakli ginkgo kabi o‘simliklar aniqlandi. Kelajakda import o‘rnini bosuvchi, eksportbop bu turlarni ham mamlakatimizda ko‘paytirish, dastlabki plantatsiyalarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berildi. Mazkur loyihaning ishga tushishi za’faron va boshqa dorivor o‘simliklarning eng yaxshi namunalarini tanlab olib, ularni ko‘paytirish, yaxlit soha sifatida ixtisoslashtirish, farmatsevtika, parfyumeriya va oziq-ovqat sanoatini mahalliy xomashyo bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Za’faronning qiziq changchisi asosiy xom ashyo bo‘lib, oktyabr-noyabr oylarida yig‘ib olinadi va tayyorlash punktlariga jo‘natiladi. Birinchi yil davomida 1 ga plantatsiyadan o‘rtacha 4 kg, ikkinchi yili — 7−8 kg, so‘nggi yillarda — 15−16 kg hosil olish mumkin. Jahon bozorida 1 kg bunday xom ashyo narxi 400−1000 dollar atrofida narxlanadi.

Ayni paytda za’faron 15 dan ziyod mamlakat, jumladan Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy, Hindiston va Avstraliyada yetishtiriladi.