O‘zbekiston Prezidenti qarori bilan 2017−2018-yillarda mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturini tasdiqlandi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Qarorning rasmiy sharhida keltirilishicha, ayni vaqtda qishloq avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarining holati bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator muammolar hal etilmasdan qolmoqda, ushbu avtomobil yo‘llarining aksariyat qismi belgilangan sifat va xavfsiz harakatlanish talablariga javob bermaydi.

Yangi turar joy mavzelarining barpo etilishi, shaharlarning kengaytirilishi, transport vositalari sonining jiddiy ko‘payishi mintaqaviy avtomobil yo‘llari holatini tubdan yaxshilash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ko‘rishni talab qiladi.

Tuman va shaharlarning yo‘l tashkilotlari yo‘l-ta'mirlash texnikasi, moddiy-xomashyo resurslari bilan yetarli darajada ta’minlanmagan, har yili ajratilayotgan mablag‘lar xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarini zarur darajada saqlash va ta’mirlash ishlarining sifatli bajarilishini ta’minlash uchun yetarli emas.

Dasturda 2017−2018-yillarda 5454 km, jumladan, 2017-yilda — 2700 km, 2018 yilda — 2754 km xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloq va ovullarning ko‘chalarini kapital va joriy ta’mirlash ko‘zda tutilgan.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston bo‘yicha 295 km, Andijon viloyati bo‘yicha — 324 km, Buxoro- 439 km, Jizzax — 222 km, Qashqadaryo — 679 km, Navoiy — 216 km, Namangan — 309 km, Samarqand — 479 km, Surxondaryo — 535 km, Sirdaryo — 267 km, Toshkent — 516 km, Farg‘ona — 520 km, Xorazm — 321 km va Toshkent shahri bo‘yicha — 332 km yo‘llar va ko‘chalarni ta’mirlash nazarda tutilgan.

Xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloq va ovullarning ko‘chalarini joriy ta’mirlash ishlarini bajarish uchun mintaqaviy yo‘llarni ta’mirlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni 330 ta yo‘l texnikasi bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Dasturda mavjud respublika xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloq va ovullar ko‘chalarini bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazish va ularni pasportlashtirish, bu boradagi ishlar natijalari bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini yaratish belgilangan.