“Somon Eyr” aviakompaniyasi (Tojikiston) 10-fevral kuni O‘zbekiston poytaxtiga ilk texnik reysni amalga oshirdi, deb xabar qildi “Xovar” TMAA.

Dushanbedan Toshkentga 50 nafardan ziyod yo‘lovchilar, jumladan “Somon-Eyr” va Dushanbe xalqaro aeroporti delegatsiyasi vakillari tashrif buyurdi. Tojikiston aviakompaniyasi rahbariyati “O‘zbekiston havo yo‘llari” vakillari bilan 20 fevraldan yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan muntazam qatnovlarga oid masalalar bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

“Somon Eyr” bosh direktori Tomas Xallam bugungi kunda Tojikistonda 25 yil davomida kutilgan ajoyib kun ekanini aytib o‘tdi. “Yangi reysning ochilishi va uning bardavomligi Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari uchun har ikki mamlakatga qatnovni soddalashtirish hamda xavfsiz parvoz sharofati bilan o‘z qarindoshlari, do‘stlari bilan ko‘rishish imkoniyatini taqdim etdi”, — deya qayd etdi u.

“Somon Eyr” Dushanbedan Toshkentga qishgi mavsum so‘ngiga qadar haftasi bir kun — dushanbada parvozlarni amalga oshirishni mo‘ljallamoqda. Yozgi mavsumda parvozlar sonini haftasiga ikkitaga — dushanba va payshanba kunlari amalga oshirish rejalashtirilgan. Parvoz vaqti 45 daqiqani tashkil etadi.