Pan Gi Mun Janubiy Koreya prezidentligi uchun saylovda ishtirok etishdan voz kechdi

BMTning sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun Janubiy Koreya prezidentligi uchun saylovda ishtirok etishdan voz kechdi, deb xabar qildi Ryonhap agentligi. O‘tgan oyda u 10 yil davom etgan BMT bosh kotibligi lavozimidagi faoliyatini yakunlab, Nyu-Yorkdan qaytib keldi. Janubiy Koreyada ko‘pchilik uni mamlakatda muddatidan oldin o‘tkaziladigan prezidentlik saylovida munosib nomzod sifatida ko‘rayotgan edi. Ryonhap agentligining qayd etishicha, Pan Gi Mun Nyu-Yorkdan qaytganidan so‘ng qarindoshlari ishtirokidagi korrupsiyada gumon qilingani sababli siyosiy hujumlarga duch kelgan. // RIA Novosti

Turkmaniston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish boshlandi

Payshanba kuni Turkmaniston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish boshlandi. Saylov 12-fevralga belgilangan. Turkmaniston Saylov kodeksining 73-moddasiga muvofiq, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lmaydigan saylovchi saylov uchastkasida muddatidan oldin saylash huquqiga ega. Mazkur jarayon 2-fevraldan 11-fevralgacha davom etadi. Saylov uchun 25678 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan bo‘lib, ularning 39 tasi Turkmaniston diplomatik missiyalari qoshida ochilgan. Davlat rahbari lavozimi uchun to‘qqiz nafar nomzod, jumladan mamlakatning amaldagi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov kurash olib bormoqda.

2016-yil 14-sentyabrda qabul qilingan yangi Konstitutsiyaga muvofiq, prezidentlik vakolati muddati besh yildan yetti yilga uzaytirilib, mamlakat prezidentligiga saylanish uchun 70 yoshlik yosh chegarasi bekor qilindi. // RIA Novosti

BMT bosh kotibi AQSH qochqinlarni qabul qilishni boshlashiga umid bildirdi

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish AQSH kirishni cheklovchi taqiqni olib tashlashga chaqirdi. “Bunday cheklov G‘arb va boshqa davlatlarni terroristik hujumlardan himoyalashning samarali yo‘li emas. Ertami-kech ularni bekor qilish kerak”, — dedi Antoniu Guterrish o‘zining Nyu-Yorkdagi birinchi matbuot anjumanida.

BMT rahbari AQSH qochqinlarni qabul qilish amaliyotiga qaytishi va bu jarayonda suriyaliklar chetda qolmasligiga ishonch bildirdi. // BMT Yangiliklar markazi

JSST kam harakatli hayot tarziga qarshi kurashishga chaqirmoqda

Butun dunyoda o‘smirlarning 80 foizdan ziyodi va katta yoshlilarning qariyb chorak qismi yetarli darajadagi faol hayot tarziga ega emasligi sababli semizlik va boshqa jiddiy kasalliklarga chalinish xavfi ostida qolmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislari ogohlantirmoqda. Shifokorlar butun dunyo mamlakatlari va hamjamiyatlarni aholining kam harakatli hayot tarziga qarshi kurashishga va jismoniy faol bo‘lish uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratishga chaqirmoqda. Ekspertlar doimiy jismoniy harakatlar yurakning ishemik kasalliklari va insult, qandli diabet, qon bosimining ko‘tarilishi, turli saraton xastaliklariga chalinish xavfini kamaytirishi va depressiyadan qutqarishini eslatib o‘tishdi. JSST vakillari cheklangan jismoniy harakat ham uning mutlaqo bo‘lmasligiga qaraganda katta foyda keltirishini ta’kidlab o‘tishdi. // BMT Yangiliklar markazi