25-yanvar kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-turkman qo‘shma komissiyasining 13-majlisida O‘zbekiston va Turkmaniston hamkorligini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruv raisi Ochilboy Ramatov boshchilik qildi, deya xabar berdi Turkmaniston Davlat axborot agentligi.

Ikki tomonlama hamkorlikning strategik yo‘nalishlari, jumladan, yoqilg‘i-energetika va transport sektori majlis diqqat markazida bo‘ldi. Bundan tashqari, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar ilmiy-ta'limiy aloqalarni kuchaytirish, sport va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha mulohazalarini o‘rtaga tashladi.

Ochilboy Ramatov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan qabul qilindi. Uchrashuvda ikki mamlakatning yoqilg‘i-energetika va transport-kommunikatsiya sohalari, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, tovar ayriboshlashni oshirish imkoniyatlari bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Turkmaniston mintaqadagi umumiy muammolar, jumladan, suv resurslaridan ratsional foydalanish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratishini ta’kidlab o‘tdi.