O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yanada oshirishga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan uchrashish va muloqot qilish maqsadida 20-yanvar kuni Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyev noyabrda Shumanay tumanida bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvida Orolbo‘yi aholisini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida so‘zlagan edi. “Bundan buyon har bir tuman va shaharga, kerak bo‘lsa, chekka-chekka qishloq va ovullargacha kirib boramiz. U yerda istiqomat qilayotgan odamlarning dardini eshitamiz, muammolarini hal qilishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqamiz va ijrosini qat’iy nazoratga olamiz”, — degan edi u.

Ayni paytda bu hududning murakkab sharoiti, Orol dengizi bilan bog‘liq mintaqada yuzaga kelgan ekologik ofat aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish kabi bir qator muhim masalalar yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan amaliy ishlarni talab etmoqda.

Davlat rahbari tashrif davomida oddiy odamlar bilan uchrashdi, oilalarga kirib, ularning turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Xo‘jayli tumanida u markaziy shifoxona, “Muruvvat” ayollar internati, 69-maktab hamda Agrosanoat markazi qurilayotgan uchastkaga tashrif buyurdi. 2017−2018-yillarda ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan ushbu majmua 11 gektar maydonni egallaydi. Bu yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, qadoqlash binolari, shuningdek, terminal, yuk tushirish va ortish maydoni, muzxonalar, issiqxonalar, bojxona, angar, mehmonxona, ovqatlanish muassasasi, sport majmuasi kabi inshootlar barpo etiladi.

Bu yerda Xo‘jaylida turar-joy infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Davlat rahbari odamlar boshlangan o‘zgarishlarni o‘z hayotida his qilishi uchun joriy yil yakunigacha 40 ko‘p qavatli turar-joy binosi barpo etish va foydalanishga topshirish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.

Shavkat Mirziyoyev “Qoraqalpog‘iston” qishloq vrachlik punktida ham bo‘ldi. Shifokorlar bilan suhbat asnosida aholining davlat idoralariga ishonchini mustahkamlashda tibbiyot muassasalari xodimlarining faoliyati alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi. Qishloq vrachlik punktlarini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan bir qatorda dori-darmon va boshqa zarur ashyolar bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Prezident Shumanay tumani Jumaboy Bozorov nomidagi bolalar musiqa va san’at maktabiga tashrif buyurdi. 211 o‘quvchi ta’lim olayotgan bu dargohda milliy musiqa asboblari, fortepyano, xoreografiya, tasviriy san’at kabi o‘ndan ziyod yo‘nalishda dars o‘tiladi.

Qanliko‘l pedagogika kollejida bo‘lgan muloqotda Prezident kollej mutaxassisliklarini zamon talabiga mos ravishda o‘zgartirish, tuman iqtisodiy-ijtimoiy hayoti uchun zarur kadrlar tayyorlash kerakligini ta’kidladi. Ilmiy, badiiy adabiyotlarni qoraqalpoq tiliga o‘girish, chop etish va ta’lim maskanlariga yetkazib berish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Davlat rahbari Qo‘ng‘irot — Mo‘ynoq ichimlik suvi tarmog‘i qurilishi boshlanishi bilan tanishdi. 101 kilometrlik ushbu suv tarmog‘i ishga tushirilgach, bir kecha-kunduzda 7 ming kub metr suv uzatish va 25 mingdan ziyod aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.

Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.