O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish Davlat tizimi (FVDT) Avariya-qutqaruv otryadlari 2016-yilda fuqarolarni qutqarish va ularga yordam berish uchun 3000 dan ziyod tashriflarni amalga oshirdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

FVDT 40 dan ziyod vazirlik, mahkama, tashkilot, muassasa va kompaniyalarni birlashtirib, tabiiy ofatlar va texnogen falokatlar profilaktikasi va ularga qarshi kurashda davlat tashkilotlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamkorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘tgan yil davomida 27 ta qo‘mondonlik-shtab va 317 ta taktik-qutqaruv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, ularda 302,6 ming kishi va 7700 dona maxsus texnika ishtiroki ta’minlandi. Qutqaruvchilar va maxsus texnikalar 521 marotaba ommaviy sayr va bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadlariga jalb qilindi.

Xavfli gidrometeorologik va geologik hodisalar kuzatilishi mumkin bo‘lgan joylarda 69 ta nazorat -kuzatuv postlari o‘rnatilib, zarur aloqa vositalari bilan ta’minlandi. Eng xavfli uchastkalardan 256 ta xo‘jalik vaqtincha ko‘chirildi.

“Toshkent-O‘sh” yo‘lining “Qamchiq” dovoni orqali o‘tgan uchastkasida avtotransport vositalari va yo‘lovchilarning uzluksiz va xavfsiz o‘tishini ta’minlash uchun 15 ta mexanizatsiyalangan otryadlarning kunu tun ishlovchi navbatchiligi tashkil etildi.

Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida daryo va soylarning qirg‘oqlarini mustahkamlash va o‘zanlarini tozalash bo‘yicha 1,363 million kub metr tuproq, 91,4 ming kub metr tosh ishi, 8,2 ming kub metr beton ishi va 172 tonna metall ishlari amalga oshirilgan.

1193 ta kollej va litseyning 14 mingdan ziyod o‘quvchilari, 2132 ta umumta’lim maktabining 17 mingdan ortiq o‘quvchilari “Yosh qutqaruvchi” ko‘ngillilar klublari o‘rtasidagi shahar va tuman, viloyat hamda respublika bosqichi musobaqalarida ishtirok etdi. Mazkur klublarda jami 34 ming o‘g‘il-qiz mashg‘ulotlar olib bormoqda.