Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida «Ishoqxon To‘ra Ibrat"ga atab zamonaviy bog‘, yodgorlik majmuasi hamda xorijiy tillarni o‘rganish maktabi tashkil etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Majmua O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatida bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvida ilgari surgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida bunyod etilmoqda. Bu borada viloyat hokimining tegishli qarori qabul qilinib, umumiy maydoni 2,2 gektarni tashkil etuvchi «Ibrat» majmuasini loyihalashtirish ishlari yakuniga yetkazildi.

Mazkur majmuada «Ibrat» muzeyi (kutubxona va mutolaa xonalari, ekspozitsion zal), «Ibrat» xorijiy tillar maktabi (21×12 metr zal, 160 o‘quvchiga mo‘ljallangan o‘quv xonalari, sport maydonchalari), «Ibrat» bog‘i (favvora, xiyobon, Ibrat haykali) qurilishi ko‘zda tutilgan. Qurish ishlari esa shu yilning mart oylarida boshlanadi.

Ishoqxon To‘ra Ibrat (1862−1937) — Farg‘ona vodiysida ilk bor «Matbaaiya Ishoqiya» bosmaxonasiga asos solgan ma’rifatparvar inson. U arab, fors, hind, turk, rus va ingliz tillarini o‘zlashtirib, bir nechta o‘quv darsliklari, lug‘atlar, she’riy to‘plamlar va boshqa noyob adabiyotlarni yaratgan.