Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 21−24-yanvar kunlari Birlashgan Arab Amirliklarida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida Daniya U-23 va Gruziya jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi, deb xabar qildi O‘zbekiston futbol federatsiyasi.

Milliy terma jamoa 22-yanvar kuni 17:00 da (Toshkent vaqti bilan) Dubaydagi The Sevens Stadium stadionida Daniyaning 23 yoshgacha yoshlar termasiga qarshi o‘ynaydi. 23-yanvar kuni esa O‘zbekiston gruziyalik futbolchilar bilan uchrashadi.

Jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayan hozircha termaga jalb qilinadigan o‘yinchilarning dastlabki ro‘yxatini e’lon qilgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 12-fevral kuni O‘zbekiston Turkiyaning Antaliya shahrida Armaniston termasi bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazadi.

2018-yili Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati Osiyo saralash bosqichi beshinchi turidan so‘ng O‘zbekiston 9 ochko bilan, A guruhida uchinchi pog‘onanini egallab turibdi. Eron (11) va Janubiy Koreya (10) birinchi va ikkinchi o‘rinlarni band etgan.