O‘zbekiston Prezidentining 21-dekabrdagi qarori bilan 2017−2019-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.

Hujjat to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini modernizatsiyalash, diversifikatsiyalash va jadal rivojlantirishni ta’minlash, paxta tolasi va ipak xom ashyosini chuqur qayta ishlash, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish yo‘li bilan raqobatbardoshli, tashqi bozorlarda talab qilinadigan tayyor, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlari va turlarini kengaytirishga qaratilgan.

Qaror bilan paxta tolasi va ipak xom ashyosini chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli, tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan tayyor to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish mezonlari, shuningdek, shunday mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha investitsion loyihalar ro‘yxati tasdiqlangan (mezon va ro‘yxat keltirilmagan).

Xorijiy investitsiyalardan tashqari, loyihalarga O‘zbekiston tijorat banklarini tijorat banklari ustav kapitaliga, shu jumladan sho‘'ba investitsiya kompaniyalari orqali yoki modernizatsiya qilinayotgan yoxud yangidan tashkil etilayotgan korxonalarga qayta moliyalashtirilayotgan kreditlar berish orqali jalb qilish taklif etilmoqda.

1-yanvardan boshlab to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tarmog‘ining nooziq-ovqat iste’mol tovarlari eksportidan olingan xorijiy valyutadagi tushumning bir qismini vakolatli banklarga majburiy sotish bekor qilindi.

2020-yilga qadar respublikada ishlab chiqarilmaydigan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha chetdan keltiriladigan texnologik asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tarmog‘ining o‘rnatilgan texnologik uskunalariga ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar (ular ham ro‘yxat asosida) bojxona to‘lovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilinadi.

Xuddi shu muddatda tarmoqning qator nooziq-ovqat iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalariga soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar taqdim etildi.