1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari har oyda eng kam oylik ish haqining 10 baravari (1,5 million so‘mga yaqin) miqdorida daromad solig‘iga tortilmaydigan gonorar oladi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 29-dekabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatga muvofiq, endilikda FA haqiqiy a’zolari prezidium va tegishli ilmiy mutaxassisliklar bo‘yicha akademiyaning haqiqiy a’zolari tavsiyasiga asosan respublika Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Qarorda tegishli vazirlik va mahkamalarga bir oy muddatda FA haqiqiy a’zolarini ilmiy-ta'limiy va ishlab chiqarish jarayoniga faol jalb etish, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi hamda yuqori toifali mutaxassislarni tayyorlashda ular rolini kuchaytirish mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

FA haqiqiy a’zolarining ilmiy-ta'limiy muassasalar va mamlakat sanoat korxonalarida sermahsul faoliyat olib borishi uchun zarur sharoitlarni yaratish bo‘yicha ham takliflar ishlab chiqilishi lozim.

Akademiklarni rag‘batlantirish choralari sifatida ularning har yili O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi hamda davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalari, shuningdek, Yalta va Kislovodskdagi “O‘zbekiston” sanatoriyalarida bepul davolanishi ham ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 30-dekabr kuni Prezidenti ilm-fan vakillari bilan uchrashuvda olimlarni qo‘llab-quvvatlash — davlatning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidlab o‘tgan edi.