Ob-havo Yangi yil arafasida Toshkent va yaqin shaharlar aeroportlari faoliyatiga ayrim o‘zgartirishlar kiritilishiga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasining Tel-Aviv (HY-304 reysi), Bishkek (HY-778) va Parijdan (HY-252) uchib kelgan samolyotlari erta tongda tuman sababli Toshkentga qo‘na olmadi va mamlakatning boshqa shaharlaridagi zaxira aeroportlariga yuborildi.

Sankt-Peterburg (HY-632), Milan (HY-256) va London (HY-202) reyslari, shuningdek, “Turk avialiniyasi"ning Istanbuldan uchgan reysi (TK-368) havoning yaxshilanishini kutgan holda osmonda bir necha marotaba halqa hosil qilgan holda uchib, keyingina poytaxtga qo‘na oldi.

Kechasi Dushanbeda ko‘rish yomonlashgani sababli Tojikiston poytaxtiga uchgan Rossiyaning Utair kompaniyasiga tegishli ikki samolyot ham Toshkentda qabul qilib olindi. Dubaydan havoga ko‘tarilgan FlyDubai reysi (FZ-777) esa ortga, aeroportga qaytib ketishga majbur bo‘ldi.