“Mehribonlik” va “Muruvvat” uylari o‘g‘il-qizlari, “SOS — bolalar mahallalari” , Bolalar shaharchalari, Go‘daklar uyi, Oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun 11 ming dona Prezident sovg‘alari tayyorlandi, deb xabar qildi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Har bir sovg‘alar jamlanmasi 12 nomdagi o‘quv qurollari va 15 nomdagi shirinliklardan iborat. Sovg‘alar Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahriga avtoransportda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarga 25−28-dekabr kunlari “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi samolyotlari orqali yetkaziladi.

Sovg‘alar bolalarga “Prezident archasi” tadbirlarida tantanali ravishda topshiriladi. Mazkur bayramlar butun O‘zbekiston bo‘ylab 29-dekabrdan boshlanadi.