15−19-dekabr kunlari Toshkentda yunon-rum, erkin va ayollar kurashi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning barcha hududlaridan 400 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi, deb xabar qildi Sport kurashlari assotsiatsiyasi matbuot xizmati.

Musobaqalar yangi sport majmuasi — Universal sport majmuasida bo‘lib o‘tdi. Islom Bahromov (59 kg, Olimpiya zaxiralari sport maktabi — OZSM), Mirzobek Rahmatov (66 kg, Buxoro), Fazliddin Nomozov (71 kg, OZSM), Dilshod Turdiyev (80 kg, OZSM), Jalgas Berdimuratov (74 kg, Qoraqalpog‘iston), Muhammadali Shamsiddinov (85 kg, Buxoro), Jahongir Turdiyev (98 kg, OZSP) va Mo‘minjon Abdullayev (130 kg, Samarqand) yunon-rum kurashi bo‘yicha chempionlik nomiga sozovor bo‘ldi.

Ayollar kurashida Asalxon Sobirova (48 kg, Xorazm), Nodira Sobirova (53 kg, Xorazm), Shahodat Jullibayeva (55 kg, Qoraqalpog‘iston), Sevara Yeshmuratova (58 kg, Qoraqalpog‘iston), Asem Seydametova (60 kg, Qoraqalpog‘iston), Nabira Yesenbayeva (63 kg, Qoraqalpog‘iston), Nilufar Gadoyeva (69 kg, Qoraqalpog‘iston) va Lalaxan Orinbayeva (75 kg, Qoraqalpog‘iston) shohsupaning eng yuqori pog‘onasini zabt etdi.

Erkin kurash bo‘yicha musobaqalarda Abbos Rahmonov (61 kg, Olimpiya zaxiralar respublika kolleji — OZRK), Muhammadkarim Usmonov (65 kg, Sirdaryo), Mirzo Xayitov (70 kg, Buxoro), Dayeibek Otarbayev (74 kg, Qoraqalpog‘iston), Ilfat Rajapov (86 kg, Toshkent viloyati), Bohodir Arslonov (97 kg, Navoiy) va Hasanboy Rahimov (125 kg, Navoiy) oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Chempionat O‘zbekiston Sport kurashlari assotsiatsiyasi taqvimidagi yakunlovchi musobaqa bo‘ldi. O‘tayotgan mavsumda O‘zbekiston Sport kurashlari assotsiatsiyasi Rio-de-Janeyrodagi Olimpiya o‘yinlarida uchta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Yunon-rum kurashchisi Yelmurat Tasmuradov, erkin kurashchi Ixtiyor Navro‘zov va Magomed Ibragimov Olimpiya sovrindorlari qatoridan o‘rin oldi. Bundan tashqari, o‘tgan dam olish kunlari noolimpiya vazn toifalari bo‘yicha jahon chempionatida Jonibek Otabekov “bronza” sohibi bo‘ldi.