Boks bo‘yicha 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlari kumush medali sohibi Murodjon Ahmadaliyev Chust shahridagi (Namangan viloyati) 568-saylov uchastkasida Prezident saylovida ovoz berdi. Boks bo‘yicha O‘zbekiston termasi vakili vatandoshlarini saylovga borish va faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishga chaqirdi.

Taekvando (WTF) bo‘yicha O‘zbekiston termasi yetakchisi Dmitriy Shokin esa poytaxtning Olmazor tumanidagi 246-saylov uchastkasida saylovda ishtirok etdi.

“Kelajagimiz o‘z qo‘limizda, shuning uchun O‘zbekiston taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro saylovda ishtirok etishi lozim. Mamlakat rivojlanmoqda, shuning uchun har doim o‘zgarishlar bo‘laveradi. O‘zbekiston kelajagi yanada kuchli bo‘ladi, ammo, eng muhimi, yurtimizda bir narsa -tinchlik va xotirjamlik o‘zgarishsiz qolishini kutib qolaman”, — dedi Shokin.

Samarqanddagi 76-saylov uchastkasida “Lohutiy” va “Gulbahor” mahallalarida istiqomat qiluvchi 2652 kishi ro‘yxatga olingan. Ular orasida yaqindagina Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan XV Paralimpiya o‘yinlarida dzyudo bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan O‘tkirjon Ne’matov ham bor.

“Jahon sportining eng nufuzli musobaqasidagi muvaffaqiyatim tufayli davlatimiz tomonidan „O‘zbekiston iftixori“ unvoni, pul mukofoti va zamonaviy avtomobil bilan taqdirlandim, — dedi Paralimpiya chempioni O‘zA agentligiga bergan intervyusida. — Saylov uchastkasi yaqin bo‘lsa-da, bugun bu yerga ana shu avtomobilda keldim… Bu saylov O‘zbekistonimizning buyuk kelajagini, yurtimizning yanada obod, hayotimizning farovon bo‘lishida muhim ahamiyatga ega”.