Toshkent hayvonot bog‘i ma’muriyati uning hududida polietilen qadoq va bir martalik polietilen idishdagi yeguliklar hamda o‘yinchoqlar sotishni taqiqladi, deya xabar qilindi hayvonot bog‘i saytida.

Ko‘p sonli baxtsiz hodisalar, jumladan, hayvonot bog‘i jonivorlarining o‘limidan keyin shunday qaror qabul qilindi. So‘nggi bor Nil timsohi nobud bo‘ldi. Uning oshqozonidan o‘yinchoqlar topildi.

Tashrif buyuruvchilarga murojaat qilgan hayvonot bog‘i ma’muriyati ulardan jonivorlarning oziqlanishi borasida tashvishlanmaslikni so‘ragan: “Bizning jonivorlar barcha zarur miqdordagi yemish, ozuqa, vitamin va mineral qo‘shimchalar bilan ta’minlangan bo‘lib, har bir tur, ayrim hollarda alohida hayvon uchun xalqaro ratsion bo‘yicha ishlab chiqilgan parhez qo‘llaniladi”.

“Biz odamlarning g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotganidan mamnunmiz. Lekin ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, masalan, konfet, chips, „kiriyeshki“, popkorn, shirin kulchalar, yangi non va boshqalarni jonivorlarga berish mutlaqo taqiqlanadi”, — qayd etiladi xabarda.

O‘tgan yilning martidan hayvonot bog‘iga turli yeguliklarni olib kirish taqiqlangan edi.