24-noyabr kuni O‘zbekistonda Prezident saylovi bo‘yicha muddatidan oldin ovoz berish boshlandi. Ushbu jarayon 2-dekabrga qadar davom etadi. Unda 4 dekabrga belgilangan saylov kuni muayyan sabab bilan o‘z yashash joyida bo‘la olmaydigan fuqarolar ishtirok etadi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Olimjon Abdunazarovning “Narodnoye slovo"ga ma’lum qilishicha, fuqarolar muddatidan oldin ovoz berish bo‘yicha saylov uchastkasi komissiyasiga soat 9 dan 18 ga qadar ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.

Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligi sabablari (ta'til, xizmat safari, chet elga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida o‘z yashash joyidagi uchastka saylov komissiyasidan saylov varaqasini oladi. Saylovchi saylov varaqasini olganligi haqida uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo chekadi.

Saylov varaqasi maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi, saylovchi uni yopiq konvertda uchastka saylov komissiyasida qoldiradi. Saylov varaqasi solingan yelimlangan konvert saylov qutisiga tashlanadi. 4-dekabr kuni ovoz berish yakuni bo‘yicha saylov komissiyasining barcha a’zolari huzurida ochiladi.