O‘zbekiston 4,5 ko‘rsatkich bilan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanish indeksida 110-o‘rinni egalladi. BMTning Xalqaro elektroaloqa ittifoqi (XEI) tomonidan seshanba kuni e’lon qilingan yillik hisobotda ushbu ma’lumotlar ham o‘rin olgan. Yuqoridagi ko‘rsatkich bilan mamlakat 2015-yilgi o‘rnini saqlab qoldi.

XEI ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining har 100 nafariga 8,4 dona statsionar telefon uskunasi va 73 mobil aloqa abonenti to‘g‘ri keladi.

Xalqaro internet kanalining o‘tkazuvchanlik imkoniyati bir foydalanuvchi hisobiga 2075 bit/s ni tashkil etdi.

O‘zbekistonda 43,2 foiz uy xo‘jaliklarida kompyuter mavjud bo‘lsa, ularning 52,6 foizi internetga ulangan. O‘tgan yil bilan solishtirilganda, o‘sish ko‘rsatkichi mos ravishda 5 va 8 foizni tashkil etdi.

Hisobotda qayd etilishicha, tezkor keng polosali internetga ulanish ko‘rsatkichi har 100 kishiga 3,57 abonentni tashkil etgan. Mobil internetning faol foydalanuvchilari soni esa 4 foizga ko‘payib, 28,69 foizga yetgan.

Sobiq Ittifoq mamlakatlari ichida Belarus — 31, Rossiya — 43, Qozog‘iston — 52, Ozarbayjon — 58, Armaniston — 71, Gruziya — 72, Ukraina — 76, Qirg‘iziston — 113- o‘rinni band etgan.

Bu yilda AKT rivojlanish indeksida birinchi o‘rinni o‘tgan yildagidek Koreya Respublikasi egalladi. 175 mamlakat o‘rin olgan ro‘yxatdan birinchi beshtalikni Islandiya, Daniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya to‘ldirgan.

XEI ekspertlari fikricha, yanada tezkor, keng tarqalgan, ochiq va “mazmundor” internet odatiy hayot, muloqot va biznes yuritish tartiblarini o‘zgartiradi, odamlar, hukumatlar, tashkilotlar va xususiy sektor uchun ulkan qulaylik va imkoniyatlarni taqdim etadi. Biroq hamon ko‘plab insonlar internetdan foydalanmaydi yoki uning imkoniyatlaridan to‘laqonlik foydalana olmaydi.