“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi aviaparki ikkinchi Boeing 787−8 Dreamliner layneri bilan to‘ldi. Sietldan 12 soat atrofida qo‘nishsiz parvozni amalga oshirgan yangi samolyot shanba kuni 11:30 da Toshkent aeroportiga qo‘ndi.

Birinchi “Orzudagi layner” yetib kelganidan buyon ikki oy muddat o‘tdi. Amaliy jihatdan yangi hisoblangan havo kemasini boshqarishni o‘zlashtirib olgan Boeing 787 parvoz otryadi samolyotni mustaqil ravishda olib keldi.

“Boeing 787 ning foydalanishga topshirilishi O‘zbekiston fuqarolik aviatsiyasi va yo‘lovchilarimizga xizmat ko‘rsatishda yangi davr boshlanganidan dalolat beradi, — ta’kidladi MAK bosh direktori Valeriy Tyan poytaxt aeroportida o‘tkazilgan brifingda. — Ayni paytda, bu aviatorlarimiz zimmasiga ulkan mas’uliyatni yuklaydi”.

Boeing prezidenti Reymond Konner sentyabr oyida Toshkentga qilgan tashrifi chog‘ida Milliy aviakompaniya yana uchta “Orzudagi layner"ni xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan edi. Bu safar o‘rindiqlari soni oshirilgan 787−9 modifikatsiyasi sotib olinadi. MAK o‘rindiqlar orasidagi masofa kengroq bo‘lgan, displeylari kattaroq va boshqa qulayliklarga ega laynerlarga buyurtma berishni rejalashtirgan.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” 5-sentyabrdan Boeing 787 dan tijoriy maqsadda foydalanishni boshlab yubordi. Birinchi reys 9-sentyabr kuni Olmaotaga amalga oshirildi. Ayni paytda mazkur samolyot Dubay, Dehli, Istambul, Tel-Aviv, Olmaota, Moskva va boshqa shaharlarga parvoz qilmoqda.

Ikkinchi “Orzudagi layner” foydalanishga topshirilishi bilan MAK mazkur turdagi samolyotlar bilan boshqa mamlakatlarga ham reyslarni amalga oshiradi. Jumladan, kelgusi yildan Nyu-Yorkka qo‘nishsiz parvozlar yo‘lga qo‘yiladi. Valeriy Tyanning so‘zlariga ko‘ra, hisob-kitoblarga binoan parvoz muddati 16 soatni tashkil etadi.

Foto