O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 5-noyabr kuni Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan talabini qondirishning maqbul yo‘llarini taklif etdi, deya xabar qildi partiya matbuot xizmati.

Nomzod saylovchilar e’tiborini Andijon viloyati respublikaning maydoni eng kichik va aholi zich yashaydigan hududi ekanligiga qaratar ekan, viloyatda bugungi kunda 2,9 milliondan ortiq kishi istiqomat qilayotgani hamda shunday sharoitda tabiiyki, viloyat aholisining uy-joyga bo‘lgan talab va ehtiyojlari juda yuqoriligi haqida to‘xtaldi.

Narimon Umarov uy-joy sotib olish va qurish uchun ajratilayotgan ipoteka kreditlash jarayonini takomillashtirish va foizlarini optimallashtirish, uy-joy bozoridagi firibgarliklar uchun javobgarlikni va nazoratni kuchaytirish tarafdori ekanini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, uy-joy-kommunal kompleksi ishini yanada yaxshilash, aholi uchun belgilanayotgan kommunal to‘lovlar miqdorini doimiy nazoratda tutish, bu sohalarda aholiga xizmat ko‘rsatadigan muqobil tashkilotlar o‘rtasidagi raqobatni oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni amalga oshirish ustuvor maqsadlaridan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Viloyatning barcha tuman va shaharlari saylovchilari bilan videokonferensiya orqali muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda jami 3000 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.