28 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining majlisida O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi, xabar qildi MSK matbuot xizmati.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Sarvar Sadullayevich Otamuratov; Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev; O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Hatamjon Abduraxmonovich Ketmonov; O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Madjitovich Umarov O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlar etib ro‘yxatga olindi.

Yig‘ilishda Prezidentlikka nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran ularning saylovoldi tashviqoti boshlanishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Har bir nomzodga o‘z saylovoldi dasturlarini aholiga yetkazish uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” va “Yoshlar” tele- va radiokanallarida 638 daqiqadan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 12 ta hududiy telekanallarida 206 daqiqa, Toshkent teleradiokanalida 286 daqiqadan bepul efir vaqti ajratiladi.

“Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” va “Pravda Vostoka” gazetalarida 6 sahifadan, “Nurli jol” va “Ovozi tojik” gazetalarida 5 sahifadan iborat nashr maydoni bepul beriladi. Bundan tashqari, hududlardagi 30 ta mahalliy gazetada har bir nomzod uchun 55,5 sahifa nashr maydoni bepul taqdim qilinadi.

Shuningdek, nomzodlarning har biri respublikamiz bo‘yicha 642 tadan tashqi reklama vositasidan, ya’ni, maxsus konstruksiyalar, ekranlar, billbordlardan o‘z dasturiy g‘oya va maqsadlarini targ‘ib qilishda foydalanadilar. Shuningdek respublikamizning 36 ta elektron monitorida ham nomzodlarning tashviqot roliklari bepul joylashtirish imkoniyati yaratiladi.

O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazish uchun 9378 ta, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining xorijiy vakolatxonalari huzurida 44 ta saylov uchastkasi tuzildi. Okrug saylov komissiyalari tomonidan uchastka saylov komissiyalari tarkiblari shakllantirilib, ularning faoliyatiga 98 mingdan ziyod kishi jalb qilingan. Komissiya a’zolarining 69 foizi ilgari saylov komissiyalarining faoliyatida bevosita ishtirok etgan va muayyan tajribaga ega insonlardir. Uchastka saylov komissiyalari tarkibida xotin-qizlar soni 47,4 foizni tashkil etadi. Uchastka saylov komissiyalari raislarining 26,7 foizi xotin-qizlardir.