Chorshanba kuni Toshkentdagi Farobiy ko‘chasida qurilayotgan uyning buzilishiga, katta ehtimol bilan beton qoplamaning me’yoridan ortiq bosimi sabab bo‘lgan, xabar qildi “Gazeta.uz"ga hodisa joyida hodisa tafsilotlaridan boxabar bo‘lganlar.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, yerto‘laga ega ikki qavatli bino shundoqqina ko‘cha yoqasida (“O‘zbekiston” mahallasi) joylashgan bo‘lib, unga savdo ob’ektlari va trenajyor zali (ikkinchi qavat)ni joylashtirish rejalashtirilgan.

Birinchi va ikkinchi qavat o‘rtasidagi beton plitalar usti qurilish materiallar bilan to‘ldirib tashlangan bo‘lgan. Bundan tashqari, ular yangi emas edi, dedi axborot manbalari.

Og‘irlikni ko‘tara olmagan plitalar g‘ishtli devorlar bilan birga qulab tushib, birinchi qavat va yerto‘la o‘rtasini to‘ldirgan.

Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda binoda 11 kishi bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt kishi qurbon bo‘lgan (rasman uch kishi ekani xabar qilingan), yana bir kishining ahvoli og‘ir.

Halok bo‘lganlar orasida bino egasi ham bor, uning janozasi shu kunning o‘zida o‘tkazilgan. Uni tanigan mahalliy fuqarolardan biri u haqda ijobiy fikrlarni bildirdi: “U juda intiluvchan, doim izlanadigan inson edi. Endigina oyoqqa turgan, oldinda katta rejalari bor edi”.

Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar qutqaruvchilar kuchi bilan bino bo‘laklari ostidan olindi. Ayni paytda hodisa joyida tozalash ishlari olib borilmoqda. Farobiy ko‘chasi transport vositalari harakati uchun ochiq.