Sirdaryo viloyatida Guliston (viloyat ma’muriy markazi) va Shirin shaharlari hamda to‘rtta tuman hokimi o‘zgardi. Bu haqda viloyat hokimligi saytida xabar qilindi. Mazkur qaror yuqoridagi hududlar xalq deputatlari shahar va tuman kengashlarining viloyat hokimi Oybek Ashurmatov raisligi hamda O‘zbekiston Prezidenti Davlat maslahatchisi Davron Nazarmuhammedov ishtirokida o‘tgan navbatdan tashqari sessiyalarida qabul qilindi.

Guliston shahriga Sirdaryo viloyati hokimining ma’muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sherzod Ismatullayev;

Shirin shahriga “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati elektrostansiyalardan foydalanish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ilxomjon Begaliyev;

Oqoltin tumaniga Jizzax viloyati Zomin tumani “Avtosanoat-agro-Jizzax” MCHJ raisi Xamrabay Razzoqov;

Sayxunobod tumaniga Sirdaryo viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nosirjon Egamberdiyev;

Sardoba tumaniga Sirdaryo viloyati prokuraturasi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i Shukurullo Tursunov;

Sirdaryo tumaniga “Sirdaryoavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish tashkiloti direktori Sobirjon Nazarov hokim etib tayinlandi.