Toshkentda 17 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari va Toshkentdagi arxitektura yodgorliklariga bitilgan epigrafik yozuvlarga bag‘ishlangan 12 tomlik kitob-albom, shuningdek, Samarqanddagi Registon va Shohi Zinda tarixiy arxitektura majmualariga bag‘ishlangan ikkita fotoalbom taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Foto: ЎзА.

Olimlardan iborat ijodiy guruhning bir necha yillik mehnati natijalari “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumiga jamlanib, Uzbekistan Today axborot agentligi bazasida o‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etildi. Hukumat tomonidan amalga oshirilgan loyihada mamlakat hududida joylashgan barcha arxitektura yodgorliklaridagi epigrafikalar kompleks o‘rganilib, umumlashtirildi.

Mutaxassislar 1500 dan ziyod epigrafika yodgorliklaridagi yozuvlarni o‘qib, tarjima qildi. Ularning aksariyati ilk bor o‘rganilmoqda. Jumladan, 200 dan ziyod she’r, pand-nasihatlar, hikmatli gaplar, 100 dan ziyod usta va xattotlar ism-shariflari, 300 diniy va 150 bag‘ishlov yozuvlari, 150 xronogramma va 100 tarixiy sanalar, 100 hukmdorlar buyruqlari va boshqalar tadqiq etildi.

Foto: ЎзА.

Ijodiy guruh Samarqanddagi dunyoga mashhur Shohi Zinda majmuasi, Amir Temur honaqohi va jome' masjidi, Bibixonim masjidi, Registon ansambli va boshqalardagi yozuvlar sirini ochdi. Bundan tashqari, tadqiqotlar sharofati bilan Xivadagi 13 ta arxitektura yodgorligi, jumladan, Pahlavon Mahmud majmuasidagi qabrtoshlarga bitilgan epigrafik yozuvlar o‘qib chiqildi.

“Uzbekistan Today” axborot agentligi, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari, olimlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Foto: ЎзА.

O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar soni bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlardan birini egallab turibdi. Ushbu madaniy merosimiz bilan xalqimiz hamda jahon ahlini batafsil tanishtirish maqsadida “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasi ishlab chiqildi.

Loyiha doirasida yurtimizdagi tarixiy yodgorliklarga bag‘ishlangan 12 kitob-albom nashr etildi. Ushbu kitoblarda me’morlik yodgorliklaridagi bir yarim mingdan ziyod bitik chop etildi.

Davra suhbatida kelgusida loyiha doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar xususida ham fikr-mulohazalar bildirildi.