O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakat bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 18 oktyabr kuni Kuvayt Davlati bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh bilan uchrashdi, xabar qildi O‘zA.

Uchrashuvda O‘zbekiston — Kuvayt munosabatlarini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, hamkorlikning yangi sahifasini ochish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklik ko‘lamini oshirish maqsadida kelasi yilning birinchi choragida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning majlisini o‘tkazishga kelishib olindi. Komissiyaga ikki tomondan ham bosh vazirning birinchi o‘rinbosari maqomida raislar tayinlandi.

Bu o‘rinda Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarida faol ishtirok etayotganini ta’kidlash joiz. Hozirgi kungacha mazkur jamg‘armaning imtiyozli kreditlari hisobiga suv ta’minoti, transport infratuzilmasi va tibbiyot sohalarida umumiy qiymati 60,6 million AQSH dollariga teng 3 loyiha amalga oshirilgan. Shuningdek, kardioxirurgiya, irrigatsiya va avtomobil yo‘llarini ta’mirlash sohalarida 72,5 million dollarlik yana 4 loyiha ijrosi davom etmoqda.

Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkentda “Ta'lim va ma’rifat — tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l” shiori ostida tashkil etilgan 43-sessiyasida ushbu tuzilmaga raislik Kuvayt Davlatidan O‘zbekiston Respublikasiga o‘tdi. Shu munosabat bilan Kuvayt tomoni O‘zbekiston rahbariyatining tashkilotga raislik davrida amalga oshirish borasida ilgari surgan taklif va tashabbuslariga yuksak baho berib, ularni to‘la qo‘llab-quvvatlashini, bu yo‘nalishda keng ko‘lamli hamkorlikka tayyorligini bildirdi.