O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakat bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Bandar Hajar bilan uchrashuv o‘tkazdi, xabar qildi O‘zA.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni musulmon dunyosining eng nufuzli moliya muassasalaridan biriga rahbar etib tayinlangani munosabati bilan tabriklab, ITB bundan buyon ham butun islom ummatining birdamligi va barcha a’zo mamlakatlar rivojiga munosib hissa qo‘shaverishiga ishonch bildirdi.

Islom taraqqiyot banki tomonidan shu kungacha O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta’lim, irrigatsiya va melioratsiya, energetika, suv ta’minoti, kommunal xo‘jalik, yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash kabi sohalarga oid 26 loyiha ijrosi uchun 1,4 milliard AQSH dollaridan ortiq mablag‘ ajratilgani buning yorqin tasdig‘idir.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston ITB bilan strategik hamkorlikni rivojlantirish tarafdoridir. Shu munosabat bilan mamlakatimiz 2017−2019-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik strategiyasini birgalikda ishlab chiqish va joriy yilning o‘zida qabul qilishga tayyor. Ayni paytda ushbu strategiyaga kiritish uchun umumiy qiymati 1,4 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 21 loyiha bo‘yicha takliflar tayyorlab qo‘yilgan.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston rahbariyatining tashabbusini ro‘yobga chiqarish — Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui huzurida nafaqat islom madaniyati, balki umuminsoniy sivilizatsiya ravnaqiga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy diniy-ma'naviy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etishda ITBning ishtiroki istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Bu tashabbus negizidagi “jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili islom dinini unga putur yetkazadigan soxta g‘oyalar orqali emas, balki Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband, Burhonuddin Marg‘inoniy, Imom Moturidiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi daholar merosidan o‘rganishga, mana shu umume’tirof etilgan diniy-madaniy va ilmiy boylikni butun dunyoda keng targ‘ib etishga qaratilgani bilan e’tiborlidir.

Bandar Hajar mazkur tashabbusni yuksak baholar ekan, bunday ezgu g‘oyalar musulmon olamining hamjihatligini yanada mustahkamlashga va umumiy maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.